+13° Kechasi +10°
Andijon (Bugun, 21 noyabr)
Bugungi valyuta kurslari:

$ 12 855.93 so'm (+11.93 so'mga)
128.16 so'm (-0.14 so'mga)
13 570.72 so'm (+20.3 so'mga)
08-03-2024, 21:54
68

Shavkat Mirziyoyevning Muborak Ramazon oyini munosib tarzda o‘tkazish to‘g‘risidagi qarori

So‘nggi yillarda mamlakatimizda milliy o‘zligimizni tiklash, inson qadrini ulug‘lash, fuqarolarimizning huquq va manfaatlarini ta’minlash borasida g‘oyat muhim islohotlar amalga oshirilmoqda. Xususan, muqaddas dinimizning insonparvarlik ruhi bilan yo‘g‘rilgan ezgu an’analarini munosib davom ettirishga ulkan e’tibor qaratilmoqda. Vatanimizning qadimiy tarixini chuqur o‘rganish, buyuk alloma va aziz avliyolarimizning ibratli hayot yo‘li, noyob ilmiy merosini tadqiq etish yosh avlodni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash ishlari bilan uyg‘un holda olib borilmoqda.

Bu jarayonda, ayniqsa, bilim va ma’rifat, ma’naviy poklik, mehr-oqibat, xayru saxovat fazilatlari ulug‘lanadigan muborak Ramazon oyining ahamiyati katta bo‘layotganini ta’kidlash lozim. Mamlakatimiz mo‘min-musulmonlari ushbu muqaddas oyni doimo orziqib, katta xursandchilik bilan kutib oladi. Oila va mahallalarda o‘zaro mehr-oqibatni mustahkamlash, yosh avlodimizni bilim-ma’rifat va go‘zal xulq sohiblari etib kamol toptirish, ehtiyojmand insonlarga ko‘mak va yordam ko‘rsatish kabi ezgu amallarni sidqidildan, ixlos bilan ado etishga intiladi.

Xalqimiz uchun ezgulik, birdamlik, olijanoblik va shukronalik timsoli bo‘lgan qutlug‘ Ramazon oyini munosib kutib olish va yuqori saviyada o‘tkazish, diniy-ma’rifiy, madaniy qadriyatlarimizni asrab-avaylash va ulug‘lash maqsadida:

1. 2024 yilda muborak Ramazon oyining boshlanishi 11 mart kuniga to‘g‘ri kelishi haqidagi O‘zbekiston musulmonlari idorasining axboroti ma’lumot uchun qabul qilinsin.

2. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, Ijtimoiy himoya milliy agentligi, O‘zbekiston mahallalari uyushmasi va boshqa hamkor tashkilotlar bilan birgalikda hududlarda Ramazon oyini milliy an’ana va qadriyatlarga mos tarzda o‘tkazishga doir chora-tadbirlarni amalga oshirsin.

Muruvvat, ahillik va hamjihatlikni ulug‘lovchi ushbu fazilatli oyda kam ta’minlangan, ijtimoiy himoyaga muhtoj kishilarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, oila va mahallalarda mehr-oqibat va o‘zaro hurmat muhitini mustahkamlash, muqaddas qadamjo va ziyoratgohlar, qabristonlarni obodonlashtirishga qaratilgan tadbirlarni yanada kuchaytirishga alohida e’tibor berilsin.
Manba: www.aniq.uz
Top.Mail.Ru Анализ сайта