+25° Kechasi +18°
Andijon (Bugun, 20 may)
Bugungi valyuta kurslari:

$ 12 694.87 so'm (-25.13 so'mga)
139.48 so'm (-0.56 so'mga)
13 766.32 so'm (-61.59 so'mga)
12-02-2024, 17:45
22

Jiltirbas ko‘li - beshinchi tabiiy meros ob’ekti xalqaro ahamiyatga ega bo‘lgan suvli-botqoqli yerlar ro‘yxatiga kiritildi

Qoraqalpog‘istondagi Jiltirbas ko‘li xalqaro ahamiyatga ega bo‘lgan suvli-botqoqli yerlar ro‘yxatiga kiritildi. Bu haqda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri Aziz Abduhakimov CMS COP14 matbuot anjumanida ma’lum qildi.

«Ramsar konvensiyasi kotibiyati bizga O‘zbekistonning beshinchi tabiiy ob’ekti – Qoraqalpog‘istondagi Jiltirbas ko‘lini xalqaro ahamiyatga ega bo‘lgan suvli-botqoqli yerlar ro‘yxatiga kiritilgani to‘g‘risidagi sertifikat berdi. Yaqinda ro‘yxatga to‘rtinchi ob’ekt – Sudochye ko‘llari tizimi kiritilganini hisobga olsak, bu barchamiz uchun katta voqea, — dedi A.Abduhakimov. – Bu O‘zbekiston hukumati va davlatimiz rahbari tomonidan ekologiya va tabiiy hududlarni muhofaza qilish sohasiga qaratilayotgan yuksak e’tibor natijasidir».

A.Abduhakimov, shuningdek, beshinchi ob’ektni Ramsar ro‘yxatiga kiritish bo‘yicha ishlar Ekologiya vazirligi tomonidan 1,5 yil davomida amalga oshirilganini ta’kidladi. Tabiiy ob’ektning o‘zi 15 yil davomida o‘rganilgan.

Ma’lumot uchun, Jiltirbas ko‘li — Orol dengizining sobiq qo‘ltig‘i. Dengiz sathi keskin pasaygach, u ajralib chiqdi va tabiiy manba - Amudaryo suvlari bilan oziqlandi, bu esa Janubiy Orol dengizining mahalliy faunasini saqlab qoldi. So‘nggi yillardayoq qo‘shimcha sug‘orish kanallari qazilgan bo‘lib, ular faqat suv sathini faunaning o‘zgarishiga ta’sir qilmasdan ushlab turadi. Ko‘l mintaqadagi Orol dengizining qurigan tubida hosil bo‘ladigan tuz va chang bo‘ronlarini ushlab turuvchi to‘siqlardan biri hisoblanadi.

Orolbo‘yi mintaqasida Jiltirbas xalqaro miqyosda kam uchraydigan qushlar uchun ham, O‘rta Osiyo cho‘llarining biologik xilma-xilligi, shu jumladan zich qamish va butalar, sho‘r botqoqliklar, kanallar va cho‘llar uchun ham uya qurish va migrasiya davrlarida katta ahamiyatga ega. Bundan tashqari, ko‘l Orolbo‘yi hududiga xos noyob baliq turlarining yashash joyi hisoblanadi.

Eslatib o‘tamiz, bugunga qadar O‘zbekistonning 4 ob’ekti: Dengizko‘l ko‘li (2001), Arnasoy ko‘llar tizimi (2008), To‘dako‘l va Quyimozor suv omborlari (2020), Sudochye ko‘llari tizimi xalqaro ahamiyatga ega bo‘lgan Ramsar suvli-botqoqli yerlar ro‘yxatiga kiritilgan edi. Bu hududlarning umumiy maydoni 674,4 ming gektarni tashkil etadi.
Manba: www.aniq.uz
Top.Mail.Ru Анализ сайта