1943-1944 yillarda SSSRning Kavkazda yashovchi ko‘plab millatlari o‘z vatanidan quvg‘in qilinadi. Jumladan:
Qorachoy ASSRda (avtonom respublika) yashovchi qorachoylar 1943 yil 12 oktyabrda;
Qalmiqiya ASSRda yashovchi qalmiqlar 1943 yil 27 dekabrda;
Chechen-ingush ASSRda yashovchi chechenlar va ingushlar 1944 yil 29 yanvarda;
Bolqor ASSRda yashovchi bolqorlar 1944 yil 24 fevralda;
Qrim ASSRda yashovchi qrim-tatarlar 1944 yil 10 mayda quvg‘in qilinadi.
Yuqoridagi millatlarni quvg‘in qilib ham tinchimagan Beriya 1944 yil 24 iyul kuni Stalinga №7896 raqamli xat bilan murojaat qiladi:
«Bir necha yil davomida Turkiya bilan chegaradosh hudud aholisi chegaraning narigi tarafidagi Turkiya fuqarolari bilan qarindoshlik aloqalarini saqlab kelmoqda. Ayrimlari Turkiyaga muhojirlikka ketmoqda. Shuningdek, ular faol ravishda kontrabanda bilan shug‘ullanmoqda va turk josuslik idoralariga turli ma’lumotlar yetkazib berib, o‘zlari ham josuslik to‘dalarini tuzishda xizmat qilmoqda...
NKVD Axalsix, Axalkalaki, Adigen, Aspindz va Bogdanovsk tumanlaridan hamda Ajariya ASSRning bir necha tumanidan 16 700 turk, kurd, xemshinli oilalarini ko‘chirish lozim deb hisoblaydi».
Stalin Beriyaning bu taklifini ham ma’qullaydi. 31 iyul kuni SSSR mudofaa ishlari bo‘yicha davlat qo‘mitasi №6279 raqamli «mutlaqo maxfiy» qarorni qabul qildi. Qarorda Gruziya SSR janubida, SSSRning Turkiya bilan chegara hududlarida yashovchi mesxeti turklar, kurdlar va xemshinlilarni O‘zbekiston, Qozog‘iston va Qirg‘iziston hududiga badarg‘a qilish ko‘zda tutilgan edi.
«Mutlaqo maxfiy» qaror 1944 yilning iyul oyida qabul qilingan bo‘lsa-da, Beriya negadir uni bajarishni noyabr oyigacha kechiktiradi. 14 noyabr kuni birdaniga Mesxetiyani NKVD xodimlari bosadi va mahalliy aholiga zudlik bilan uylarini tark etishi lozimligi, aks holda buyruqni bajarishdan bo‘yin tovlaganlikda ayblanib, o‘sha joyning o‘zida otib tashlanishi mumkinligi aytiladi.
Beriyaning buyrug‘iga ko‘ra, barcha ishlarga Gruziya SSR NKVD rahbari Georgiy Karanadze, uning o‘rinbosari Bogdan Kabulov va Gruziya SSR davlat xavfsizlik xizmati rahbari Avksentiy Rapava boshchilik qilishadi.
Aholini zudlik bilan quvg‘in qilish ishlariga NKVD va xavfsizlik xizmatining 4 mingdan oshiq tezkor xodimi jalb etiladi. Odamlarga jo‘nash uchun bor-yo‘g‘i ikki soat vaqt beriladi. Mesxeti turklar zo‘rg‘a kiyim-kechak olishga ulguradi.
Shundan so‘ng, 17 noyabr kuni mesxeti turklarni 25 eshelonda vagonlarga tiqib, Markaziy Osiyoga jo‘natishadi. Quvg‘in kuzning sovuq kunlarida boshlangan bo‘lsa-da, mesxeti turklar yuk vagonlarida manzilga dekabrning so‘nggi o‘n kunligida, qishning ayozida yetib borishadi. Ana shunday og‘ir sharoitda manzilga yetib borguncha surgun qilinganlarning 25–30 foizi halok bo‘ladi.
Havo sovuq bo‘lgan kunlarda, yuk vagonlarda 5-6 haftalab uzoq yo‘l bosish mesxeti turklarni holdan toydiradi. Yuk vagonlaridagi og‘ir holat, kasallik va epidemiya tarqashiga sabab bo‘ladi, oqibatda ko‘pchilik halok bo‘ladi.
Mesxeti turklarning omon qolgan qismi O‘zbekiston, Qozog‘iston va Qirg‘izistonga yetib kelganda qishning ayni avj pallasi edi. Ana shunday holatda ular sovuq baraklar, palatkalarda jon saqlashga majbur bo‘ladi. Bugun yurtimizda yoki boshqa yurtlarda yashayotgan keksa yoshdagi mesxeti turklardan o‘sha dahshatli kunlar haqida so‘rasangiz, ular gap boshlashdan avval, albatta, ko‘z yosh to‘kib oladi. Sababi, ularning aksariyati juda yosh bo‘lgan, uyidan, vatanidan quvib chiqarilgani yetmaganday, so‘nggi manzilga yetib kelguncha o‘z yaqinlarini ham yo‘qotgan.
Quvg‘in qilinganlarning umumiy soni qariyb 120 ming nafar bo‘lgan. Ularni avvaliga maxsus baraklarga, palatkalarga joylashtirishadi. Keyinchalik mahalliy aholi yordamida ular uy-joy tiklab oladi. Quvg‘in qilinganlarga o‘zlari joylashtirilgan hududdan boshqa joylarga borish taqiqlanadi.
1953 yilning martida Stalin vafot etadi. Uning davrida nohaq qamalganlar bilan birga nohaq quvg‘in qilinganlar ishi ham qayta ko‘rila boshlanadi. Nihoyat, 1956 yil 18 aprelda SSSR Oliy soveti prezidiumi boshqa millatlar qatori mesxeti turklar, kurdlar va xemshinlilarning quvg‘in qilinishi xato bo‘lgani haqida qaror qabul qiladi. Shundan so‘ng, boshqalar qatori mesxeti turklarga ham SSSR bo‘ylab erkin harakatlanib, ko‘chib yurish huquqi beriladi. Ammo boshqalardan farqli o‘laroq, mesxeti turklarga tarixiy vatani Mesxetiyaga qaytishga ruxsat berilmaydi. Shu sababli ularning asosiy qismi surgun qilingan joyi – O‘zbekiston, Qozog‘iston va Qirg‘izistonda yashab qoladi. Ozroq qismi RSFSRdagi Kabardin-Bolqor ASSRdan berilgan yerga ko‘chib boradi.
“Andijonliklar.Uz” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring